O‘SMIRLIK DAVRIDA QO‘RQUV HOLATLARINING NAMOYON BO‘LISHI

       Insonlar ko‘pincha qo‘rquv holatini xavf- xatar vaqtida, ba’zan biror bir shaxs oldida, muhim ish va muhim uchrashuvlardan oldin, nizoli vaziyatlarda, o‘qish va ishda muvaffaqiyasizlikka duch kelganda, jamoa oldida so‘zga chiqqanda, kutilmaganda sodir bo‘ladigan cho‘chituvchi vaziyatlarni boshdan kechiradilar.

        Ko‘pincha psixologik adabiyotlarda qo‘rquv muammosi taniqli olimlar tomonidan keng doirada tahlil qilinib, bu borada ilmiy-nazariy ta’riflar ishlab chiqilgan.Keng tarqalgan ta’riflarga ko‘ra:

        Qo‘rquv–subyekt o‘zining xotirjam hayot kechirishiga ziyon yetishi mumkinligi haqida, unga tahdid solayotgan yoki tahdid solishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar haqidagi xabarni olishi bilan paydo bo‘ladigan salbiy hissiy holatdir.Kishi qo‘rquv hissiyotiga berilganda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligini faqat ehtimoliy tarzda biladi va ushbu (ko‘pincha yetarlicha ishonarli bo‘lmagan) taxminga binoan harakat qiladi.Qo‘rquv hissiyoti stenik tusda ham, astenik tusda ham bo‘lishi yoki ruhan astoydil tushkunlikka berilgan va xavotirlangan tarzda yoki affektiv holatga tushgan  tarzda kechishi mumkin .

        Qo‘rquv – odamning o‘ziga yoki yaqin kishilariga taalluqli bo‘lgan haqiqiy yoki xayoliy xavf-xatarga nisbatan qaytaradigan emotsional reaksiyasidir.Qo‘rquv yuzning oqarishi, badanning titrashi va boshqa bir qancha ixtiyorsiz tovushlar, harakatlar bilan ifodalanadi. Qo‘rquv xavf- xatardan qochish yoki harakatsiz turib qolish holatida ham namoyon bo‘lishi mumkin .

       Qo‘rquv holati shaxsda psixik jarayonlarning normal kechishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.Bu jarayonda sezuvchanlikning o‘ta oshib ketishi yoki pasayishi vaziyatning mohiyatini tushunmaslik, idrok etishning yomonlashuvi kabi holatlarni kuzatish mumkin.Qo‘rquv tafakkur jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatib, ba’zi insonlarda fikrlashning ravonlashuvi va vaziyatdan tezroq chiqib ketishga intilish bilan namoyon bo‘lsa, boshqalarda, aksincha, taffakur mahsuldorligining pasayishi, nutq va harakatlarda mantiqsizlik aks etadi. Juda ko‘p holatda irodaviy soha zaiflashib, inson biror qaror qabul qilishga, vaziyatni nazorat qilishga o‘zida  kuch topa olmay qoladi.Qo‘rquv vaqtida ko‘pincha nutq buzilib, tovushda titroq paydo bo‘ladi.Qo‘rquv va xavotirlik diqqat jarayoniga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.Odatda, diqqat juda tarqoqlashib, inson o‘z diqqat e’tiborini bir  yerga to‘play olmay qoladi va ba’zan, aksincha diqqatining barqarorligi oshib, aynan bir obyektga tomon yo‘naltirilganligini ham ko‘rish mumkin.

      A.Kempinski qo‘rquvni keltirib chiqaruvchi holatlarni 4 guruhga ajratadi: hayot uchun bevosita  xavfli ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, ijtimoiy tahdidlar, faollikni shaxsan tanlash imkoniyatining mavjud emasligi hamda ijtimoiy muhit bilan o‘zaro munosabatlardagi buzilishlar.Kelib chiqish sabablariga ko‘ra qo‘rquvni biologik, ijtimoiy, ruhiy va dezintegratsion turlarga bo‘lish mumkin .

         Qo‘rquv xavf-xatardan himoyalanishga va undan qochish yo‘llarini izlashga undovchi normal emotsional holat hisoblanadi.Hech qachon qo‘rquvni his qilmaslik mumkin emas, holbuki qo‘rquv va xavotirlikning yo‘qligi ham psixik buzilish belgisidir.Ammo ba’zi insonlarda ma’lum bir vaziyat va holatga nisbatan noadekvat reaksiyalar bilan ifodalanuvchi yopishqoq qo‘rquvlar va fobiyalar ham uchrab turadi. Fobiyaga duchor bo‘lgan inson qo‘rquvning asossiz ekanligini tushunib yetadi, ammo qo‘rquvdan xalos bo‘la olmaydi.Yopishqoq qo‘rquvlarning paydo bo‘lish ehtimoli har bir insonda mavjud.Shuning uchun ham fobiyalar yetarlicha keng tarqalgan.

         Fobiya-biror vaziyat, hodisa predmetga nisbatan vujudga keladigan birmuncha turg‘un va asossiz qo‘rquvdir.Fobiya bilan aziyat chekuvchilar qo‘rquvlariga sabab bo‘luvchi predmet yoki vaziyat haqida hatto o‘ylaganlarida ham ularni vahima qamrab oladi. Fobiya insonlarning normal hayot kechirishlariga to‘sqinlik qilib, shaxsiy, ijtimoiy va kasbiy faoliyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

        Fobiya qo‘rquvdan kuchli va turg‘un holda namoyon bo‘lishi, qo‘rquv uyg‘otuvchi obyektdan qochish istagining yuqoriligi bilan ajralib turadi.

         Ma’lumotlarga qaraganda yer yuzi aholisining 10-11% i turli xil fobiyalardan aziyat chekadi. Bu holat insonda kutilmaganda va anglanmagan sababga ko‘ra  paydo bo‘lishi mumkin.Ayniqsa, bolalarda qo‘rquv va fobiyalar  ularning jamiyatga, o‘rab turgan olamga moslashish jarayonlarida ko‘proq uchraydi.Ko‘rsatilishicha, fobiyalar fantaziyasi yaxshi rivojlangan, xavotirlanuvchan xarakterga ega bo‘lgan, o‘ziga ishonmaydigan, o‘ziga past baho beradigan, muloqatga kirishish malakalari yaxshi shakllanmagan insonlarda ko‘proq kuzatilar ekan. Bu jarayonga irsiyat hamda tarbiya ham katta ta’sir ko‘rsatadi.Fobiya erkaklarga qaraganda ayollarda ko‘proq uchraydi.Bu holat ayollarning hissiyotga beriluvchanliklari va ko‘pincha agressiyaning obyektiga aylanib qolishlari bilan bog‘liqdir.

        Fobiyaning juda ham ko‘p turlari mavjud:odamlar biror hayvondan, hashoratdan, balandlikdan, yolg‘iz qolishdan, kasalikka chalinishdan, ochiq yoki berk bo‘shliqdan qo‘rqadilar.  Hatto insonlarda fobofobiya, ya’ni biror fobiyaga duchor bo‘lishdan qo‘rqish kabi turi ham uchraydi.Odamlarning doimo qo‘rquv hissini qo‘zg‘atuvchi vaziyatdan qochishlari fobiyaning belgisidir.

        Fobiyalar vaqtida inson qo‘rquv obyektiga nisbatan vegetativ nerv sistemasidagi qo‘zg‘alishlar natijasida 2 xil usulda javob reaksiyasini ko‘rsatishi mumkin:

1–holatda, simpatik nerv sistemasi qo‘zg‘alib, yurak urishining tezlashuvi, qon bosimining ko‘tarilishi, terining qizarishi kabi belgilar kuzatilsa,

2–holatda esa parasimpatik nerv sistemasining ko‘zg‘alishi natijasida yurak urishining sekinlashuvi, qon bosimining pasayishi, teri rangining oqarishi, sovuq ter chiqishi kabi holatlar namoyon bo‘ladi .

       Yuqorida keltirib o‘tilgan fobiyalardan tashqari bolalar va o‘smirlar, yigit va qizlar, erkaklar va ayollar uchun xos bo‘lgan juda ko‘p fobiya turlari mavjud. Ta’kidlab o‘tilganidek, bu holatlarning oddiy qo‘rquv yoki xavotirlik sifatida namoyon bo‘lishi tabiiy hol. Ammo shu kabi o‘y – fikrlarning inson miyasini band etishi, biror narsadan qattiq qo‘rqish, hatto o‘sha narsaning nomini eshitish  yoki suratini ko‘rishning  o‘zi ham insonning dahshatga tushishiga sabab bo‘lishi va eng asosiysi bu qo‘rquvlardan  odam o‘z iroda kuchi yordamida xalos bo‘la olmasligi fobiyaning xarakterli xususiyatlaridandir .

        Xavotirlik, qo‘rquv va fobiyalar kechishning davomiyligi bilan ajralib  turadi, o‘sib rivojlanishga,  ortib borishga, o‘z shakllarini o‘zgartirib, boshqa hayotiy vaziyatlar, predmetlar shakllariga aylanishga moyil bo‘ladi. Ular doimiy tushkunlik, g‘amginlik,  holsizlik yoki agressiya holatlarining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Bir odamning o‘zida bir necha fobiyalar kuzatilishi mumkin. Bunda inson o‘z kasalligining  barcha ko‘rinishlarini tanqidiy idrok etishi to‘liq saqlanib, bu hol uning ruhiy azoblarini  yanada kuchaytiradi. 

2. Qo‘rquv borasidagi ilmiy qarashlarning  rivojlanishi

Shaxsdagi xavotirlilik va qo‘rquv holatlari orqali insonda turli xissiy kechinmalar namoyon bo‘lishi mumkin hamda bu holat shaxs kamolotiga ta’sir etishi mumkin. Bu boradagi g‘oyalar sharq allomalari tomonidan ham ilgari surilgan bo‘lib,  shaxsning his-kechinmalari, qo‘rquv va xavotirlanish kabi tuyg‘ularning  namoyon bo‘lish holatlari  haqidagi fikrlarini o‘z asarlarida bayon etganlar .

Sharq allomalari asarlarida shaxs shakllanishi masalasi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shaxsning shakllanishi jarayonida ro‘y beradigan psixik-jismoniy  o‘zgarishlar muhim ahamiyatga egaligi bilan ajralib turishi borasida qator fikrlar ilgari suriladi.

Sharqning qomusiy olimlaridan Abu Rayhon  Beruniy insondagi axloqiy sifatlarning tarkib topishida ulardagi qo‘rquv,  xavotirlanish holatlarini muhim sanaydi.

Abu Ali ibn Sino esa o‘zining keng doiradagi psixonevrologik amaliyotida obyektiv kuzatish metodiga juda katta e’tibor beradi. Shunga ko‘ra turli emotsiyalar organizmda, yurakda, qon tomirlarida, nafas olish organlarida har xil o‘zgarishlarni   keltirib chiqarishi, nerv iztiroblari, kechinmalar va qo‘rquv organizmning madorsizlanish holatiga olib kelishi mumkinligini isbotlaydi. Shunday qilib, ibn Sino fiziologik hodisalar bilan  ruhiy hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanish borligini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. U ruhiy kasalliklar jismoniy betoblik natijasi, deb hisoblaydi. Ibn Sino o‘z faoliyati davomida markaziy nerv sistemasining  yetakchilik roliga qayta ahamiyat berib, asab buzilishi  (qo‘rquv, asabiylik, iztiroblanish)  butun organizmning darmonsizlanishi va susayishiga olib keladi, deb ko‘rsatgan edi.

Yuqoridagi  fikrlardan   ko‘rinadiki, sharq  allomalari   tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarda shaxs xavotirliligi va qo‘rquv holatlariga ham alohida ahamiyat berilgan.       

Hozirgi fan-texnika  taraqqiyoti davrida, sharoitlar, vaziyatlar, obyektlar insonlarni cho‘chitishi yoki yashirin qo‘rqituvchi  bo‘lish mumkin. Boshqa fundamental hissiyotlardan ko‘ra qo‘rquvni ilmiy o‘rganishning zaruratini shu bilan izohlash mumkin. Qo‘rquvni o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar ushbu hissiyotni yanada kengroq tushunish imkonini beradi. (Bowlby, 1973; Gray 1971: Lewis, Rosenblum 1974; Rachman, 1974).

Qo‘rquv – insonning  fundamental emotsiyalari kategoriyasiga kiradi (Gelgorn E, Lufbor – Roudj, 1966). Qo‘rquv emotsiyasi xavf solayotgan stimulga nisbatan  javob  reaksiyasi sifatida yuzaga keladi deb tasavvur etish mumkin. Xavfni tushunish, uni anglash hayotiy tajriba va shaxslararo  munosabat jarayonida shakllanib boradi. Lekin bola uchun ba’zi indefferent qo‘zg‘atuvchilar asta- sekin  xavfli ta’sirlar xarakteriga  ega bo‘ladi.

Qo‘rquv hissi ixtiyorsiz ravishda yuzaga kelib, kuchli his-hayajon, xavotirlik yoki dahshat hissi bilan  birgalikda kechishi mumkin. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, qo‘rquv – affektiv xavfni qabul qiluvchi insonning his- kechinmalari va uning natijasidir deb aytish mumkin.

I.P.Pavlovning fikricha, qo‘rquv tabiiy refleksning ko‘rinishi, miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining tormozlanishi va passiv himoyalovchi reaksiyasidir.

Qo‘rquv o‘z-o‘zini saqlab qolish instinktiga asoslanadi, himoya xarakteriga ega va yuqori nerv faoliyatining ma’lum fiziologik o‘zgarishlari bilan birgalikda kechadi.

 T. Ribo bolalarda sababsiz qo‘rquvlar  mavjud bo‘lishini ta’kidlagan. Bu borada K.N.Kornilov quyidagi fikrni bildirgan:  Qo‘rquv hissi nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham xos tuyg‘udir. Bu holat  ularning faoliyat jarayonlarida atrof-muhit, notanish predmetlar va sharoitlar bilan tanishish mobaynida namoyon bo‘ladi va insonlarni ongli ravishda undan qochishga undaydi.

Qo‘rquv o‘zining intensivligiga qarab  odamda avvaldan sezish, ishonchsizlik, himoyasizlik sifatida namoyon bo‘ladi.

Bu  vaziyat insoning  o‘z hayotiga, tanasiga  yoki ruhiy holatiga nisbatan xavfni his qilganda aks etadi.

Ballning yozishicha, qo‘rquv sezgisi o‘zining eng oddiy shaklida aniq qarama- qarshi tabiatga ega bo‘lib, tadqiq qilish instinkti va o‘z jonini saqlashga intilish instinkti o‘rtasidagi kurashning mavjudligi bilan bog‘liqdir. Bu  ikki qarama- qarshi tendensiya qo‘rquvni boshlang‘ich holatda hayratda  qolish va so‘nggida o‘ziga xos moslashish fe’l – atvorini namoyon qilishda ko‘rinadi.

Qo‘rquv «qorong‘ulikdan paypaslab  qutilish» kabidir, ya’ni u xavfni durustroq baholashdan oldin sodir bo‘ladi.

Qo‘rquv  o‘zining salbiy jihatlariga qaramasdan, insonning ruhiy hayotida  turli xil funksiyalarni bajaradi: Qo‘rqish xavf- xatarga javob reaksiyasi sifatida u bilan to‘qnashishdan qochishga imkoniyat yaratadi, ruhiy o‘z- o‘zini boshqarish tizimida himoyaviy, moslashtiruvchi rolni o‘ynaydi.

K.Izardning ta’kidlashicha, qo‘rqish xavfni oldindan tasavvur qilish, tashvishlanish, xavfsirash sifatida  boshdan kechadi.  Insonda go‘yo vaziyat nazoratdan chiqib ketgandek hissiyot  paydo bo‘ladi va odam o‘zida borgan sari ishonchsizlik seza boshlaydi. Qo‘rquv odamda mutlaqo himoyasizlik va o‘zining xavfsizligiga ishonmaslik sifatida  kechadi.  Izard qo‘rquv sabablarini 4 turga ajratadi:

   a) Tashqi hodisalar va jarayonlar.

   b) Xohish, intilish va ehtiyoj.

   v) Emotsiyalar.

   g) Shaxsning kognitiv jarayonlari.

Shu sabablar natijasida kelib chiqqan qo‘rquvlar tug‘ma yoki orttirilgan ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.

 A.Kempinski o‘z tadqiqot ishlarida qo‘rquvning 4 turini tasvirlab  beradi. Bular: biologik, ijtimoiy, ma’naviy hamda dezintegratsion. 

Biologik qo‘rquv odamning o‘z hayotiga yoki nasliga xavf bilan bog‘liq. Ijtimoiy qo‘rquv ijtimoiy sohada aloqalar buzilgan  vaziyatda paydo bo‘ladi. Ma’naviy qo‘rquv esa shaxs o‘zining xulq-atvori me’yoriy oriyentiri sifatida atrofdagilar taklifini qabul qilmaslik natijasida paydo bo‘ladi.

Qo‘rquv va fobiyalarning kelib chiqishi va  kechish mexanizmlari  to‘g‘risida ko‘pgina ilmiy nazariyalar va qarashlar  mavjud. Turli psixologik maktab namoyondalari insonda fobiyaning kelib chiqish sabablarini turlicha  talqin qilishadi. Z.Freydning psixodinamik modeli bir vaqtlar katta e’tibor qozongan bo‘lsa, keyingi (oxirgi) yillarda bu borada bixevioristlar nazariyalari juda ko‘p qo‘llab- quvvatlanishlarga sazovor bo‘ldi.

3.Qo‘rquv holatini bartaraf etuvchi psixokorreksion  mashqlar tavsifi

Hozirgi kunda fobiyalarning 600dan ortiq turi mavjud ekan, ularni  korreksiya qilishda bu holatning yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi psixologik omillar hisobga olingan holatda yondoshiladi.

Fobiyalarni korreksiya qilishda psixoanaliz, kognitiv terapiya va boshqa psixoterapevtik usullardan foydalanish mumkin .

Hozirgi kunda fobiyalarni korreksiya qilishda emotsional obrazli terapiyadan ham keng foydalaniladi. Ushbu usul o‘z mohiyatiga ko‘ra fobiyani keltirib chiqaruvchi sabablarni tez sur’atda aniqlash va tezda bartaraf etish imkonini beradi.

Bu metodning eng asosiy ijobiy xususiyati shundaki, bunda terapiya natijasi «shu yerda va hozir» qoidasiga muvofiq ayni vaqtning o‘zidayoq aks etadi.

  1. Kuzatish – obrazning (obraz deyilganda qo‘rquv obyekti nazarda tutilmoqda) biror bir salbiy xususiyatiga  ko‘ruv, eshituv va kinestetik sezgilar orqali diqqat qaratiladi va bu holat ong osti sohasida psixologik korreksiyaga olib keladi.
    1. Fikriy harakat – bunda shaxs muammosini adekvat hal qiluvchi obrazlar bilan fikriy xatti-harakatlar amalga oshiriladi (obrazni yengish va yo‘qotishga harakat qilish bundan mustasno).
    1. Dialog – bunda obraz bilan suhbat quriladi va barcha qiziqtirgan savollarga javob olinadi. Bu usulning maqsadi hodisalarning psixologik mohiyatini insonga anglatishdir.
    1. Qarama-qarshiliklarning o‘zaro ta’siri – bunda qarama-qarshi  his-tuyg‘ularni keltirib chiqaruvchi obrazlarning o‘zaro ta’siri ko‘zda tutiladi.
    1. O‘rin almashtirish – aynan fikriy o‘rin almashtirish nazarda tutilib, bunda salbiy obrazlar ijobiy obrazlar bilan almashtiriladi.
    1. Hissiyotlarni namoyon etish – «bosib qo‘yilgan», yashirilgan his-tuyg‘ularni aks ettirish, namoyon etish jarayoni (boshqariluvchi katarsis).
    1. Obraz hayotini yashab o‘tish-obrazning paydo bo‘lish tarixini va kelajagini hayolan bosib o‘tish, tasavvur etish.
    1. Erkin fantaziya – mijozning obrazga qaratilgan erkin fantaziyasini spontan yakun yoki insayt holatigacha qo‘llab-quvvatlash.
    1. Shaxs xususiyatlari o‘rtasida yangi munosabatlarni tarkib toptirish- Shaxsning avval rad etilgan xususiyatini boshqa muhim munosabatlarni tarkib toptirish asosida qabul qilish.
    1. Yangi qarorni ma’lum qilish – salbiy hayotiy qarorni aks ettirgan obrazga shaxs o‘zining ijobiy qarori haqida ma’lum qilishi. Bu holat o‘sha obraz yo‘qolgunicha davom ettiriladi.
    1. Salbiy energiya konversiyasi- ilgari salbiy his-tuyg‘ularni yaratish uchun sarflangan ijobiy energiyani hayolan qaytarish.
    1. Paradoksal ijozat metodi – obraz shaxs uchun man etgan tuyg‘u va xatti-harakatni amalga oshirishga obrazning o‘ziga ruxsat berish.

Ushbu emotsional  obrazli terapiya usullaridan fobiyalarning turli ko‘rinishlarni  korreksiya qilishda foydalanish mumkin.

Sotsiofobiya jarayoni shaxsning o‘z-o‘ziga beradigan bahosi bilan bog‘liq ekan, ushbu holatni korreksiya qilishda ham  shaxsning o‘z-o‘ziga beradigan bahosini ko‘tarish evaziga amalga oshirish mumkin. Buning uchun  o‘smirlarda o‘zini anglashga, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga, o‘z-o‘ziga adekvat baho berishga hamda shaxslararo munosabatlarda muloqotga kirisha olish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beruvchi mashqlardan iborat trening mashg‘ulotidan foydalanish mumkin.

ADABIYoTLAR

  1. Karimov I.A. “Vatan sajdagoh kabi  muqaddasdir”, – Toshkent, “O‘zbekiston”, 1995.
  2. Karimov I.A.  -T.: “Barkamol avlod orzusi”,  1999.
  3. Karimov I.A .- T.: “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida“.1994.
  4. Adizova T.M. O‘quvchilarning shaxslararo munosabatlarini psixologik diagnostikasi va korreksion ishlari.- Toshkent, TDPU, 1997.
  5. Davletshin M.G., To‘ychiyeva S.M. Umumiy psixologiya, Toshkent, Nizomiy nomidagi TDPU nashriyoti, 2002 .
  6. Jalilova S. “Shaxs va shaxslararo munosabatlarni o‘rganishning proyektiv metodikalari”, Toshkent, Nizomiy nomli TDPU, 2006.
  7. Raxmanova D.R. Osobennosti determinatsii straxa u podrostkov s razlichnoy situatsiyey  razvitiya ( na primere malchikov) Avtoreferat dis. kand. psix. nauk. Tashkent .
  8.   Raxmanova  D.R.Osobennosti straxa u nesovershennoletnix prestupnikov // Maktab va xayot. – Toshkent,-2005.
  9.    www.library.com Internet kutubxona.
  10.   www.Expert.psychology.ru
  11.   www.psychology.net.ru
Previous Post: «GRAFIK DIKTANT» Metodikasi

July 29, 2022 - In Metodika va Treninglar

Next Post: «Nutqlarni eslab qol va o‘z joyiga qo‘yib chiq» metodikasi.

August 1, 2022 - In Metodika va Treninglar

Related Posts

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

3 + = 13